Gruziya Konstitutsiyaviy sudi prezidentning parlament saylovlarini haqiqiy emas deb topish haqidagi da’vosini rad etdi

Gruziya Konstitutsiyaviy sudi prezident va muxolifatning parlament saylovlarini konstitutsiyaga zid deb topish haqidagi da’volarini rad etdi. 26 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovlar 89 mandat bilan hukmron “Gruziya orzusi” partiyasining g‘alabasi bilan yakunlangan bo‘lsa, natijalarni tan olmagan muxolifat soxtaligini e’lon qilib, mandatlardan voz kechdi. Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralardan voz kechish fonida norozilik namoyishlari davom etmoqda.

Gruziya Konstitutsiyaviy sudi prezident Salome Zurabishvili va parlament saylovlarini konstitutsiyaga zid deb topishni talab qilgan 30 muxolifat partiyasining da’volarini rad etdi.

· Da’vogarlar 26-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovda jiddiy qonunbuzarliklar, jumladan, ovoz berish maxfiyligi buzilganligini ta’kidlab, natijalarni bekor qilishni so‘ragan.

· Sud qarori qonuniy kuchga kirgan va qayta ko’rib chiqilishi shart emas. To‘qqiz hakamdan ikki nafari Giorgiy Kvechernchiladze va Teymuraz Tugushi umumiy qarorga qo‘shilmagan holda o‘zgacha fikr bildirdi.

· Saylovlarda hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi 89 mandat olgan bo‘lsa, to‘rtta muxolifat partiyasi jami 61 mandatga ega bo‘ldi. Muxolifat saylov natijalariga e’tiroz bildirgan, soxtalikni da’vo qilgan va parlamentni qonuniylashtirmaslik uchun mandatlardan voz kechgan.

· Tbilisi va Gruziyaning boshqa shaharlarida bosh vazir Irakliy Kobaxidze mamlakat Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni 2028-yil oxirigacha to‘xtatib turishini ma’lum qilganidan keyin ommaviy norozilik namoyishlari davom etmoqda.

Bu voqealar Gruziya siyosiy hayotidagi keskinlik kuchayib borayotgani va hukumat va muxolifat o‘rtasidagi kelishmovchiliklar davom etayotganini ko‘rsatadi.