Moskvada rossiyalik generalni o‘ldirishda gumonlanayotgan O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olindi
Rossiya Tergov qoʻmitasi Moskvada yuqori martabali harbiylar, general Igor Kirillov va uning yordamchisi Ilya Polikarpovning oʻlimiga sabab boʻlgan teraktda gumonlanuvchining hibsga olinganini maʼlum qildi.
· Gumonlanuvchi 1995-yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib, uning ismi Ahmad Qurbonovdir.
· So‘roq paytida u Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan yollanganini va Moskvada terakt uyushtirish vazifasini olganini aytdi.
· Gumonlanuvchi poytaxtga yetib kelgan, u yerda unga qo‘lbola portlovchi moslama berilgan va u Kirillovning uyi yonidagi elektr skuterga o‘rnatgan.
· Harbiy xizmatchining yashash joyini kuzatish uchun avtomashina ijaraga olingan, unda videoni real vaqtda Dnepr shahriga uzatuvchi kamera o‘rnatilgan.
· Harbiy xizmatchilar kirish joyidan chiqib ketganidan keyin portlovchi qurilma masofadan turib ishga tushirildi.
· Vazifani bajargani uchun gumonlanuvchiga 100 ming dollar mukofot va Yevropa davlatlaridan biriga sayohat qilish imkoniyati va’da qilingan.
· Qo‘lga olish Moskva viloyati, Balashixa shahridagi Chernoye qishlog‘ida bo‘lib o‘tdi.
· O‘zbekiston rasmiy organlari hozircha vaziyatga izoh bermagan.
· Portlash 17 dekabr kuni Kirillov va Polikarpov Ryazanskiy prospektidagi uydan chiqib ketayotganlarida sodir bo’lgan.
· Rossiya Tergov qoʻmitasi qotillik, terrorizm va oʻq-dorilarning noqonuniy savdosi moddalari boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻatdi.
· Reuters va New York Times xabarlariga ko‘ra, Kirillovni o‘ldirish bo‘yicha operatsiyani avvalroq Ukraina armiyasiga qarshi kimyoviy qurol qo‘llaganlikda gumon qilib, sirtdan ayblagan Ukraina Xavfsizlik xizmati amalga oshirgan.